Assalomu-alaykum aziz yurtdoshlar!Barchangizni shunday ulug‘ kunlar shukuhi bilan muborakbod etaman. Ro‘zador vatandoshlarimizga esa sabr – qanoat tilayman.Men hozir sizlarga, bobom rahmatlidan eshitgan bir ko‘hna yertakni aytib bermoqchiman...Qadim-qadim zamonlarda, “juda olis” tomonlarda tahminan bundan 100 yil ilgari bir qishloqning ayrim odamlari juda ishyoqmas, dangasa ekanlar. Ular hamma ishlarini og‘izda bajarishni, tonna-tonna maqolalar yozishni qoyil qilishar ekan. Azbaroyi erinchoqligidan, boshqalarning tahoratiga nomoz ham o‘qib yuraverishar ekan...Bu qishloqda Noilojov San’atkor ismli mehnatkash va mehribon bir yigit ham yashar ekan. San’atkorbek ulg‘ayib katta bir Universitetning “ISTAGAN IShINGNI TOP” yo‘nalishiga o‘qishga kiribdi. Bu yerda u juda ko‘p do‘stlar orttirib, tengdoshlarini darsdan bo‘sh vaqtlarida hayrli ishlarga boshlabdi. San’atkorbek va uning do‘stlari ko‘ngilli bo‘lib, qariyalar, nogironlar va yetim bolalarning o‘ksik qalbiga ozgina bo‘lsada shodlik ulashish niyatida, bayramlarda turli sovg‘alar bilan hol – ahvol so‘rab habar olishar ekan. San’akorbekning uzoq yillik kamtarona mehnatlari tez orada butun qishloqqa ovoza bo‘libdi. Yoshlarning bu tashabbuskorligi va savobli ishlariga qishloq rahbarlarining e’tibori ortib, ularga yanada kengrok imkoniyat sifatida Guvohnoma taqdim etishibdi.
San’atkorbek tahsil oladigan Universitetda esa vaziyat juda boshqacha edi... Aniqrog‘i, San’atkorbekning ustozlari “OILAVIY PUDRAT” kafedrasida ishlab, talabalarga mehr – muruvvat haqida uzundan – uzun ma’ruzalar o‘qishardi.
Ustozlari orasida ayniqsa, Noinsofxon Shuhratparasovna o‘zining “fidoiyligi” bilan ajralib turardi. Jonkuyar ustozlaridan yana biri Manfaatoy Izzattalabova esa tabiatan juda zukko, bilimli pedagog edi. Faqat uning arzimas bir kamchiligi, o‘z ona tilida hech qachon gapirmasdi. (Kim biladi, balki ona tilida gapirishga or qilarmikan???) Hullas ertakning davomini gapiradigan bo‘lsak, San’atkorbekning mashhurligi ustozlarini g‘ashini keltira boshladi. Bora-bora vaziyat shu darajaga yetdiki, hatto OTADAN ham ulug‘langan ba’zi ustozlari San’atkorbekning yerishgan yutuqlarini tan olmasdi. Uning katta davralarda olgan sovrinlarini KIM OShDI SAVDOsiga qo‘yib sotishardi. Buning ustiga – ustak esa, San’atkorbekni hamma “ziyolilar” oldida izza qilishardi. San’atkorbek avval boshida bu mash – mashalar nega bo‘layotganini tushunmasdi, sababi, u yoshligidan ustozlar, shogirdlarini qo‘llab – quvvatlaydigan tayanch, ilm cho‘qqilarini egallashida suyanch deb bilardida... Keyinchalik esa hammasi ravshan bo‘ldi. Uning ustozlari gapning muddaosini aytishdi:“ – San’atkorbek, biz nima bo‘lganda ham sening (bir pulga qimmat) ustozlaringmiz. Sen nima qilsang ham, bizdan iltimos qilib, ruxsat so‘rab keyin ish qilishing kerak aslida. Sening ko‘ngilli harakatlaring bizning “karieramizni” tushirmoqda. Senga nima, nogironlar, yetimlar va qariyalar ochidan o‘lsa – o‘lib ketavermaydimi?
Sening ular bilan nima ishing bor? Qolaversa, Sen o‘g‘risan! Ha, ha o‘g‘risan. Men nasib bo‘lsa 250 yoshga to‘lganimda qilaman deb o‘ylab qo‘ygan g‘oyalarimni sen o‘g‘irlabsan-ku...
Men nogironligi bo‘lgan shahslar va ijtimoy himoyaga muhtojlar uchun foydali “BIZ BO‘LMASAK, BIRORTASI TOPILIB QOLAR” deb nomlangan hamtovoqli, maqolalar “konfet serensiyasi” ni tashkil qigandim. Sen uni ham o‘g‘irlab, o‘zingga shior qilib olibsan-ku. O‘zing ayt, shu insofdanmi???
Mayli, men seni shuncha “aybing” bo‘lsa ham, juda ko‘ngilchangligim sababli, senga “marhamat” qilib, kechiraman. Faqat bitta shartim bor... Sen meni o‘zinga ustoz sifatida tan olib, boshlagan hamma ishlaringa meni rahbar qilib ko‘rsatasan.
Axir o‘zing tushun, men sening ustozingman-ku, sen meni qo‘llab – quvvatlashing kerak, men yanada yuqori mansablarga ko‘tarilishim uchun, seni qurbonliging va juda ko‘p “OChKO” laring kerak bo‘ladi. San’atkorbek, menga oxirgi paytlarda ozgina FAROSAT va OBRO‘-E’TIBOR yetishmayapti. Shuning uchun menga sening “yordaming” kerak. Bilib qo‘y, agar mening shartlarimga rozi bo‘lmasang, men seni “TANISh-BILISh” sudiga berib, qamataman. Sen yuqori rahbarlardan olib kelgan o‘sha Guvohnomang menga bir tiyin. Bilasanmi men kimman-u, senga o‘sha Guvohnomani bergan vazirlik va agentliklar kim. Ogohlantirib qo‘yay, bu gaplarim bir joyga chiqsa...”Bu gaplarni eshitgan San’atkorbekning barcha orzu – intilishlari sarobga aylandi. Uning niyati mashhur bo‘lish, yoki o‘zini ko‘z – ko‘z qilish emasdi. U shunchaki bu qishloq yoshlarini, tengdoshlarini ozgina hamjihatlik, faollik va insoniylikka chorlagan edi holos...Mana, oradan uzoq yillar o‘tdi. San’atkorbek hozir o‘sha ustozlaridan mingdan-ming rozi. Chunki, u endi juda katta milliarder pedagog bo‘ldi. Dangasalar qishlog‘ida uning nomini hamma taniydi. U hozir, avvalgidek axmoq ochiqqo‘ligi bilan emas, balki, o‘zining hasisligi bilan nom qozongan. San’atkorbek hozir o‘zi tahsil olgan “OILAVIY PUDRAT” kafedrasida “Paxta qo‘yish mahorati” fanidan dars berib kelmoqda...Ha aytgancha, qariyalar, yetim bolalar va nogironligi bo‘lgan shahslarning dolzarb muammolari yuzasidan katta maqolalar “ENSIKLOPEDIYaSI” ham chop etilgan emish. Ko‘zlari ojiz nogironlar bu to‘plamni “mutolaa” qilishib, ko‘ngillari ancha ko‘tarilib yurganmish... TAMOM!!!
P/S: Bobomning bu ertagi kimlargadur qattiq tegib ketib, men bilan ham chekka-chekkalarda “gaplashmoqchi”, qulog‘imdan cho‘zib qo‘ymoqchi bo‘lganlar bo‘lsa, ogohlantirib qo‘yay, men sizlarga “etrak qahramoni” emasman. Men ham sizdek “ziyolilar” bilan haqiqiy Sud zalida gaplashaman...
2 comments
Your think!
ReplyYour think
Reply